2024-yil 8-fevral - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son Qaroriga (4-ilova, 31.2-band) muvofiq “Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan “O‘zbekiston kapital bozori holati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish” bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Ushbu tashabbus doirasida 2024-yil 8-fevral kuni “Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabalari uchun “O‘zbekistonda fond bozorini rivojlantirishni qanday jadallashtirish kerak” mavzusida ochiq ma’ruza o‘qidi.
Ma’ruza davomida O‘zbekiston kapital bozoridagi muhim voqealar, jumladan, ishlab chiqilayotgan yangi qonun, korporativ qimmatli qog‘ozlar hajmi, fond bozori va uning investorlari, shuningdek, qonunchilik va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi. Davlat korxonalarini IPO/SPO orqali xususiylashtirish va mahalliy investorlarning minimal bazasini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fond bozorini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari va global kastodianlarni jalb qilish talablari ko‘rib chiqildi. Bozor infratuzilmasini yaxshilash va investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar taklif etildi.
Uchrashuv interaktiv tarzda o‘tkazildi. Ma’ruza so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.