Joriy
yilning 28 may kuni “Poytaxt” biznes-markazida «Toshkent» respublika fond
birjasi va Qozog'iston fond birjasi (KASE) vakillari o'rtasida uchrashuv bo'lib
o'tdi. Mazkur uchrashuvdan maqsad,
O'zbekiston va Qozog'istonning investitsion imkoniyatlari bilan tanishish hamda
jahon va Markaziy Osiyo mintaqasidagi sohaga oid mavjud tendensiyalarni, birja
faoliyatiga oid axborotlar almashinuvi hamda ikki mamlakat fond bozorlarida
birja a'zolarining (brokerlik idoralari) o'zaro ishtirokini ta'minlashga imkon
beradigan savdo maydonchasini yaratish borasida hamkorlik to'g'risidagi
Memorandum imzolash imkoniyatini muhokama qilishdir.
Tadbirda “Toshkent” respublika fond birjasi,
Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi hamda Qozog'iston fond birjasi
boshqaruvi raisining o'rinbosari, shuningdek, Direktorlar kengashi va Boshqaruv
kengashi a'zolari ishtirok etdilar.
Qozog'iston fond birjasi
1993-yil 17-noyabrda tashkil etilgan. Tashkil etilgan vaqtidan boshlab KASE
Qozog'istonning fond, valyuta va pul bozorlariga xizmat qiluvchi yagona savdo
maydonchasi va Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi fond birjalaridan
hisoblanadi. Bu bozor repo bozori instrumentlari, valyutalar, davlat va
korporativ qimmatli qog'ozlari, xalqaro moliya institutlarining
obligatsiyalari, shuningdek, derevativ instrumentlar uchun universal savdo
maydonchasidir.
KASE Jahon Birjalar
Federatsiyasi (WFE), Yevro-Osiyo fond birjalari federatsiyasi (FEAS) hamda
boshqa xalqaro va mahalliy professional uyushmalar a'zosidir. KASE birja
savdolari hajmi bo'yicha MDHda ikkinchi, FEAS fond birjalari bozorining
kapitallashuv darajasi bo'yicha oltinchi o'rinda turadi.
Ta'kidlash joizki,
"Toshkent" Respublika fond birjasi va Qozog'iston fond birjasi
Yevro-Osiyo birjalari federatsiyasi (FEAS) a'zolari sifatida fond bozorlarining
likvidliligini va investitsion jozibadorligini oshirish borasida eng yaxshi
tajribalarni o'rganish va amaliyotga tadbiq qilishga qaratilgan o'zaro
hamkorlikni olib bormoqdalar.
Bo'lib o'tgan uchrashuv birjalar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi deb umid qilamiz.