"Toshkent" Respublika fond birjasi tomonidan mamlakatimiz yetakchi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun kapital bozori sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan 3 oylik amaliy ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tashabbus mamlakatimizda kapital bozori uchun professional kadrlar zaxirasini shakllantirish, iqtidorli yoshlarni sohaga jalb etish hamda ularga fond bozori infratuzilmasining amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida kapital bozori va fond bozori infratuzilmasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ixtisoslashgan ta’lim dasturlari cheklangan. Shu bois mazkur loyiha talabalar uchun nazariy bilimlarni real bozor muhiti bilan uyg‘unlashtiruvchi muhim ta’lim maydoni vazifasini bajarmoqda.
Amaliyot dasturiga "Toshkent" Respublika fond birjasida o‘tkazilgan saralash suhbatlari natijalariga ko‘ra tanlab olingan talabalar jalb etilgan bo‘lib, ular uch oy davomida kapital bozorining asosiy ishtirokchilari va infratuzilma tashkilotlari faoliyati bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Jami 90 akademik soatga mo‘ljallangan dastur doirasida ishtirokchilar aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish va qayta tashkil etish jarayonlari, qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartiblari, listing talablari, birja savdolari mexanizmi, brokerlik faoliyati, bozor tahlili hamda investitsiya vositachilari faoliyati bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar.
Dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, talabalar bilimlarni faqat auditoriya mashg‘ulotlari orqali emas, balki kapital bozori infratuzilmasining asosiy bo‘g‘inlari faoliyati bilan bevosita tanishish orqali o‘zlashtiradilar. Xususan, ular "Toshkent" Respublika fond birjasi, investitsiya vositachilari va bozorning boshqa professional ishtirokchilari faoliyatini yaqindan o‘rganib, haqiqiy ish jarayonlari bilan tanishadilar.
Bu esa yoshlarga kapital bozorining to‘liq ekotizimi qanday ishlashini amalda ko‘rish, sohadagi jarayonlarni chuqur anglash va kelgusida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanish uchun zarur ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.
“Toshkent” Respublika fond birjasi kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan kadrlar salohiyatini mustahkamlash va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.