Kecha moliya va investitsiya hamjamiyati uchun yilning eng muhim tadbirlaridan biri “O‘zbekiston va xalqaro aksiyadorlik kapitali bozorlari 2025” konferensiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davlat organlari, biznes vakillari hamda kapital bozorlari sohasidagi xalqaro ekspertlarni bir maydonga jamladi.
“Toshkent” Respublika fond birjasi v.v.b. Boshqaruvi raisi Fayzulla Tashov “Global va mahalliy investitsiyaviy landshaft — uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun munosib aksiyadorlik kapitalini barpo etish” mavzusidagi panel sessiyada spiker sifatida ishtirok etdi.
Munozara davomida Fayzulla Tashov birjada amalga oshirilayotgan islohotlar, birja infratuzilmasi — depozitar va kliring tizimlarining tayyorgarlik darajasi, shuningdek, Investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining bir qismini 2026-yil oxirigacha joylashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, u amalga oshirilayotgan jarayonlarning samaradorligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Konferensiyaning ikkinchi kuni 13-noyabr kuni — IPO masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminarlar va treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarda xalqaro bozorda joylashtirishning huquqiy jihatlari, moliyaviy hisobot, investorlar bilan o‘zaro hamkorlik hamda ommaviy axborot vositalari bilan ishlash masalalari chuqur muhokama etiladi.