Bugun "Toshkent" Respublika Fond birjasida dunyoning yetakchi moliyaviy institutlaridan biri Bank of New York Mellon (BNY Mellon) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida mamlakatimiz kapital bozorini yanada rivojlantirish, xalqaro investorlar uchun infratuzilmani takomillashtirish, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ (UzNIF) qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha arbitraj operatsiyalari masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan “UzNIF” IPO loyihasining qisqa muddat ichida muvaffaqiyatli amalga oshirilgani yuqori baholandi. Ta’kidlanganidek, xalqaro amaliyotda bunday keng ko‘lamli IPO jarayonlarini tayyorlash va o‘tkazish ko‘p hollarda bir necha yillarni talab etadi. O‘zbekistonda esa davlat organlari, tegishli vazirliklar va idoralar hamda bozor ishtirokchilarining samarali hamkorligi natijasida mazkur jarayon jadal tarzda va muvaffaqiyatli yakunlandi.
Shuningdek, BNY Mellon vakillari mamlakatimizdagi kelgusi IPO loyihalarida kastodian bank vazifasida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv O‘zbekiston kapital bozorining xalqaro moliya institutlari e’tibor markazida ekanini hamda mamlakatimiz investitsiya muhiti tobora jozibador tus olayotganini yana bir bor namoyon etdi.