27–28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Samarkand Islamic Finance Forum 2026 (SIFF 2026) xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari ham ishtirok etdi.
18 ta davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchini birlashtirgan forumda Markaziy Osiyoda islomiy moliya bozorini rivojlantirish, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Forumning muhim yo‘nalishlaridan biri islomiy kapital bozori va likvidlik instrumentlarini rivojlantirishga bag‘ishlandi. Xalqaro ekspertlar sukuk instrumentlarini joriy etish, bozor infratuzilmasini shakllantirish, investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xalqaro tajribani mahalliy bozorlarga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muhokamalarda Turkiya tajribasi ham misol sifatida keltirildi. Forumda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada so‘nggi besh yil ichida islomiy moliyalashtirishning qarz kapital bozoridagi ulushi 0 foizdan 16 foizgacha oshgan. O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda kamida shunday natijaga erishishni maqsad qilmoqda.
“Toshkent” Respublika fond birjasining forumdagi ishtiroki sukuk va boshqa islomiy moliyaviy instrumentlarni mahalliy kapital bozoriga joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba bilan tanishish, bozor infratuzilmasi va tartibga solishga doir yondashuvlarni o‘rganish imkonini berdi.