“Toshkent” Respublika fond birjasining rasmiy veb-sayti uzse.uz yangilandi. Saytning dizayni va navigatsiyasi takomillashtirilib, ma’lumotlar investorlar, emitentlar, professional ishtirokchilar va boshqa foydalanuvchilar ehtiyojlariga muvofiq qayta tizimlashtirildi.
Shu bilan birga, texnik infratuzilma optimallashtirildi: server darajasida keshlash tizimi joriy etildi, ma’lumotlar bazasiga ortiqcha so‘rovlar qisqartirildi va avtomatlashtirilgan bot-trafikdan himoya kuchaytirildi. Natijada saytning ishlash tezligi va barqarorligi oshdi. Check-Host tekshiruvida bosh sahifa bo‘yicha bir soniyadan kam vaqt qayd etildi.
Mazkur yangilanish Birjaning yangi raqamli portalini yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Hozirda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Yangi veb-saytda shakllantirilgan axborot tuzilmasi va navigatsiya yo‘nalishlari kelgusi portalda ham saqlanib, ularning funksional imkoniyatlari kengaytiriladi.
Xususan, yangi portalda investorlar uchun shaxsiy kabinetlar, virtual investitsiya portfellari, aksiya va obligatsiyalarni tahlil qilish vositalari, daromadlilik kalkulyatorlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Emitentlar va professional ishtirokchilar uchun esa listingga elektron arizalar topshirish, qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini modellashtirish hamda birlamchi joylashtirish jarayonlarida elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari nazarda tutilgan.
Yangi portal arxitekturasida kiberxavfsizlik, ma’lumotlarni himoya qilish, ruxsatsiz avtomatlashtirilgan so‘rovlarni cheklash va tashqi tizimlar bilan xavfsiz integratsiyani ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangilangan veb-saytning axborot tuzilmasi va navigatsiyasi asosida yaratilayotgan yangi portal investorlar, emitentlar va professional ishtirokchilarga bozor ma’lumotlarini tahlil qilish, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda Birja xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish imkonini beradi.