Toshkent xalqaro Vestminster universitetida 2027-yil sentyabridan boshlab joriy etilishi rejalashtirilayotgan “AI and FinTech” (Sun’iy intellekt va moliyaviy texnologiyalar) ta’lim dasturiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari ham ishtirok etib, moliya sektoridagi zamonaviy tendensiyalar, mehnat bozorining o‘zgarib borayotgan talablari hamda bo‘lajak mutaxassislar uchun zarur kasbiy bilim va ko‘nikmalar yuzasidan fikr almashdilar.
Birja vakillari kapital bozorida sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar va ma’lumotlar tahlili yo‘nalishlarida bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, fond bozori bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, ta’lim dasturlarini sohaning amaliy ehtiyojlariga moslashtirish muhimligi qayd etildi.