“Toshkent” Respublika fond birjasida Asia Frontier Capital (AFC) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston kapital bozorining joriy holati, savdo faolligi va likvidlikni oshirish, investorlar doirasini kengaytirish hamda xorijiy investorlarni jalb etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida xorijiy investorlar uchun emitentlar va bozor to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlar yetarli emasligi ham qayd etildi. Bu borada Birja hozirda mahalliy va xorijiy investorlar uchun kengaytirilgan tahliliy ma’lumotlar platformasini yaratish ustida ish olib borayotgani ma’lum qilindi.
Platformada emitentlar va ularning qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha asosiy moliyaviy va bozor ko‘rsatkichlarini bir joyda, qulay va tushunarli shaklda taqdim etish rejalashtirilgan. U investorlarga kompaniyalarning moliyaviy holati, likvidliligi va rentabelligi, qarz yuki, bozor koeffitsiyentlari, risk va daromadlilik ko‘rsatkichlari hamda savdo ma’lumotlarini tahlil qilish va kompaniyalarni o‘zaro taqqoslash imkonini beradi.
Shuningdek, uchrashuvda kapital bozorida yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish istiqbollari, ular orqali investorlar uchun mavjud investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Asia Frontier Capital (AFC) — boshqaruvidagi aktivlar hajmi 100 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan xalqaro aktivlarni boshqarish kompaniyasi. 2026-yil 31-iyul holatiga AFC Uzbekistan Fund portfelining 96,99 foizi O‘zbekiston bozoriga to‘g‘ri kelgan.