O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-avgustdagi PQ-303-sonli “O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar Jamg‘arma aksiyalarini Toshkent va xalqaro, jumladan London fond birjalarida joylashtirish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ qimmatli qog‘ozlarning birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) bo‘yicha tayyorlangan ro‘yxatdan o‘tish hujjatini e’lon qilishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (sotuvchi aksiyador) tomonidan Jamiyatning oddiy aksiyalarini hamda global depozitar tilxatlarini (GDTlar) birlamchi ommaviy joylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur taklif doirasida Jamiyat aksiyalarini “Toshkent” Respublika fond birjasida savdolarga qo‘yish, shuningdek, GDTlarni London fond birjasining asosiy bozorida joylashtirish rejalashtirilmoqda.