Asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldi: korporativ obligatsiyalar bozori uchun ijobiy signal
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2026-yil 29-apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajada saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mazkur qaror iqtisodiy faollikning jadallashuvi, yuqori yalpi talab hamda tashqi noaniqliklar fonida inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaratilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil mart oyida yillik inflyatsiya 7,1 foizgacha pasaydi, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, inflyatsion bosimlar saqlanib qolmoqda hamda narxlar barqarorlashuvi jarayonlarining sekinlashuvi kuzatilmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakunida umumiy inflyatsiya 6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda. Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida iqtisodiy oʻsish 7–7,5 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
Asosiy stavkaning joriy darajada saqlanishi korporativ obligatsiyalar bozori uchun ijobiy omil hisoblanadi. Korporativ obligatsiyalar bo‘yicha kupon stavkalari bank depozitlari foiz stavkalariga nisbatan yuqori bo‘lib, investorlarning ushbu obligatsiyalarga qiziqishini oshirmoqda.