Bugun, “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun: O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini jadal rivojlantirish sari yangi qadam” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, ekspertlar va kapital bozori infratuzilmasi vakillari yangi qonun doirasida bozorni rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Muhokamalar markazida:
- sukuk, derivativlar, sekyuritizatsiya va qoplangan obligatsiyalar kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish;
- investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish;
- markaziy kontragent, kastodianlik va boshqa zamonaviy bozor institutlarini rivojlantirish;
- mahalliy emitentlarning xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish;
- O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro moliya infratuzilmasi bilan integratsiya qilish masalalari bo‘ldi.
Tadbirning alohida sessiyasida “Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruv raisi v.v.b. Fayzulla Tashov ma’ruza bilan ishtirok etib, kapital bozorining xalqaro moliya tizimiga integratsiyasi va Birjada yangi instrumentlarni rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlarni taqdim etdi.
Xususan, ikki tomonlama listing mahalliy va xorijiy bozorlar o‘rtasida kapitalga transchegaraviy kirishni kengaytirish mexanizmi sifatida ko‘rib chiqilmoqda. U emitentlar uchun investorlar bazasini kengaytirish va qo‘shimcha kapital manbalarini jalb qilish, investorlar uchun esa xorijiy instrumentlarga kirish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, Birja taqdimotida fyuchers va opsionlar kabi hosilaviy moliyaviy instrumentlar, ularning savdo va kliring mexanizmlari hamda sukukni chiqarish va muomalaga kiritish modeliga alohida e’tibor qaratildi.