Bugun "Toshkent" Respublika fond birjasi vakillari Deloitte kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan IPO Masterclass tadbirida ishtirok etdi.
Tadbir doirasida "Toshkent" Respublika fond birjasi, London fond birjasi, Franklin Templeton va Deloitte vakillari ishtirokida panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalarda kompaniyalarni IPOga tayyorlashning asosiy bosqichlari, biznesni baholash, investitsiyaviy salohiyatni investorlarga taqdim etish, fond birjasini tanlash va investorlar bilan samarali muloqot o‘rnatish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, dual listing imkoniyatlari va xalqaro kapital bozorlariga chiqish masalalariga e’tibor qaratildi.
Alohida e’tibor IPO jarayonini rejalashtirish va boshqarish, kompaniya rahbariyati hamda kuzatuv kengashining ushbu jarayondagi vazifalari, shuningdek, aksiyalar joylashtirilganidan keyin ommaviy kompaniya sifatida faoliyat yuritishning amaliy jihatlariga qaratildi.
Tadbirda "Toshkent" Respublika fond birjasining O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) IPO jarayonidagi ishtiroki bilan bog‘liq amaliy tajribasi ham muhokama qilindi. Xususan, IPO jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish, qimmatli qog‘ozlarni listing talablariga muvofiq birja kotirovkalash varag‘iga kiritish va savdoga qo‘yish tartibi yuzasidan fikr almashildi.