22-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi doirasida Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) rivojlantirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlat organlari, xalqaro moliya institutlari va investitsiya hamjamiyati vakillari, shuningdek, “Toshkent” Respublika fond birjasi rahbariyati ishtirok etdi.
Muhokamalarda O‘zbekistonni mintaqaviy moliya va investitsiya markaziga aylantirish, xalqaro kapitalni jalb etish, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hamda xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xorijiy investorlarning amaliy ehtiyojlarini inobatga olish, investitsiyalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, shartnomaviy munosabatlar erkinligini ta’minlash va xalqaro standartlarga muvofiq shaffof moliyaviy muhit yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Loyihani rivojlantirishda xalqaro tajriba va hamkorlikning ahamiyati ham qayd etildi. Bu jarayonga jalb etilgan tashkilotlar qatorida BlackRock, Sullivan & Cromwell, TheCityUK, Angliya banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) hamda Gonkong moliya sektori vakillari tilga olindi.
Yig‘ilishdagi muhim masalalardan biri Toshkent xalqaro moliya markazi va milliy fond birjasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakili xalqaro moliya markazi va milliy fond birjasi bir-birini to‘ldiruvchi, o‘zaro bog‘liq yagona moliyaviy ekotizim sifatida rivojlanishi zarurligini ta’kidladi.
Bunda xalqaro moliya markazi nafaqat xorijiy kapitalni jalb etishi, balki milliy qimmatli qog‘ozlar bozorini mustahkamlashga ham xizmat qilishi muhimligi qayd etildi.