“O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi” aksiyadorlik jamiyati (UzNIF) o‘z aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) doirasida obuna jarayoni London fond birjasi va “Toshkent” Respublika fond birjasida 2026-yil 29-apreldan boshlanib, 2026-yil 12-mayda yakunlanishini ma’lum qiladi. Obuna jarayoni Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 12:00 da, Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da yakunlanadi.
Taklif shartlarga muvofiq, bir dona global depozitar tilxat (GDR) 64 700 dona aksiyani ifodalaydi va uning narxi 25,00 AQSH dollari etib belgilandi. Bir dona oddiy aksiyaning narxi esa 4,65 so‘mni tashkil etadi. Ushbu baholash asosida Jamg‘armaning taxminiy bozor kapitalizatsiyasi 1,95 milliard AQSH dollari miqdorida baholanmoqda.
IPO doirasida Jamg‘armaning ustav kapitalidagi qariyb 30 foiz ulushi taklif etiladi. Joylashtirish ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:
- "Toshkent" Respublika fond birjasida aksiyalar mahalliy hamda xorijiy investorlarga taklif etiladi;
- London fond birjasida esa GDRlar xorijiy institutsional investorlar o‘rtasida joylashtiriladi.
Toshkent taklifi doirasida jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilgan bo‘lib, 12 milliard so‘mgacha bo‘lgan arizalar uchun 5 foiz chegirma taqdim etiladi.
Shuningdek, ushbu jarayonda yirik xalqaro investorlar, jumladan BlackRock, Franklin Resources va Redwheel boshqaruvidagi fondlar ishtirok etmoqda. Ular tomonidan GDRlarga umumiy hisobda taxminan 300 million AQSH dollari miqdorida obuna bo‘lish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
GDRlar bo‘yicha London fond birjasida shartli savdolar 2026-yil 13-mayda, to‘liq savdolar esa 18-mayda boshlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur sanada aksiyalar savdosining “Toshkent” Respublika fond birjasida ham boshlanishi kutilmoqda.
Chakana investorlar taklif etilayotgan aksiyalarni sotib olish uchun arizalarni mahalliy brokerlar orqali yoki Jett platformasi orqali topshirishlari mumkin. Taklifda ishtirok etish uchun investorlarga oldindan brokerlik hisobini ochish tavsiya etiladi.