Adliya vazirligi tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy valyutada obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga chiqarish va so‘ndirish tartibi to‘g‘risidagi" nizomni tasdiqlash haqidagi buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3826, 2026-yil 29 aprel).
Hujjat Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son Farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilib, unga ko‘ra mahalliy emitentlarga valyutada korporativ obligatsiyalar chiqarish huquqi berilgan.
Mazkur nizomga muvofiq:
Valyuta obligatsiyalari — nominal qiymati va daromadi chet el valyutasida ifodalangan, obligatsiya egasining emitentdan belgilangan daromad va nominal qiymatni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘ozdir.
Valyuta obligatsiyalarining nominal qiymati chet el valyutasining kamida bir birligiga teng etib belgilanadi. Daromadlar nominal qiymatga nisbatan foiz ko‘rinishida hisoblanadi.
Emitentlarga obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq bajarish va daromadlarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan miqdorda chet el valyutasini xarid qilish huquqi beriladi.
Bir emissiya hajmi va muomaladagi avvalgi obligatsiyalar qoldig‘i umumiy summasi 50 mln AQSH dollari ekvivalentidan oshmasligi kerak.
Valyuta obligatsiyalarini ta’minlanmagan holda chiqarish emitentning o‘z kapitali doirasida amalga oshirilishi. Agar ushbu miqdordan oshsa, emitent ortiqcha qismi uchun ta’minot taqdim etishi shart (ayrim yuqori reytingga ega banklar bundan mustasno).
Ta’minot sifatida ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolati yoki sug‘urta polisi taqdim etilishi mumkin. Ko‘chmas mulk bozor qiymati asosida baholanadi va ta’minot sifatida uning 75 foizigacha qabul qilinadi. Shuningdek, ko‘chmas mulk ulushi umumiy ta’minotning 50 foizidan oshmasligi lozim.
Joylashtirish fond birjasi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Ochiq obunada kamida 50%, yopiq obunada 100% hajm joylashtirilishi shart.
Mazkur normalar valyuta obligatsiyalari bozorida shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va investorlar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ravishda Nizomning boshqa muhim jihatlari bo‘yicha ma’lumotlar keyingi postlarda beriladi.