“Toshkent” Respublika fond birjasi vakillari GCF Eurasia vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda kompaniya-emitentlarni ommaviy kapital bozoriga tayyorlash, investorlar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy korporativ boshqaruv amaliyotlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Investor Relations (IR), korporativ boshqaruv, majburiy va ixtiyoriy axborotni oshkor qilish, shuningdek, ESG va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida fikr almashdilar.
Alohida e’tibor emitentlarning ochiqligi va shaffofligini oshirish, investorlar bilan tizimli kommunikatsiyani rivojlantirish hamda kompaniyalarni ommaviy bozor talablariga yanada puxta tayyorlash masalalariga qaratildi.
Uchrashuv yakunida Birja va GCF Eurasia tomonidan kompaniya-emitentlar uchun qo‘shma bepul ta’lim seminarlarini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Seminarlarda Investor Relations, korporativ boshqaruv, axborotni oshkor qilish, ESG va barqaror rivojlanish, shuningdek, kompaniyalarni ommaviy kapital bozoriga chiqishga tayyorlash bo‘yicha amaliy mavzularni qamrab olish rejalashtirilmoqda.
GCF Eurasia — Investor Relations, moliyaviy kommunikatsiyalar, ESG va barqaror rivojlanish sohalarida 25 yildan ortiq tajribaga ega kompaniya. Kompaniya, shuningdek, IPOga tayyorgarlik, investorlar bilan ishlash, yillik va ESG hisobotlarini tayyorlash hamda korporativ kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Mazkur tashabbus emitentlarga zamonaviy bozor talablari, korporativ shaffoflik va investorlar bilan samarali ishlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.