"Toshkent” Respublika fond birjasi kotirovkalash varag‘i to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish loyihasi 2026-yil 20-apreldan 4-mayga qadar Birjaning rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
Shunga muvofiq, “Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan Birja kotirovkalash varag‘i to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-254-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq:
- Birja kotirovkalash varag‘iga kiritilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy instrumentlar ro‘yxati kengaytirildi. Endi xorijiy kompaniyalar aksiya va obligatsiyalari, xalqaro moliya tashkilotlari qimmatli qog‘ozlari, ETF va indeks fondlari, shuningdek depozitar tilxatlar bilan savdo qilish imkoniyati yaratildi.
- Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni milliy va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xorijiy valyutada amalga oshirish tartibi belgilandi.
- Dual listing mexanizmi joriy etildi. Ushbu mexanizm kompaniya aksiyalarining bir vaqtning o‘zida bir nechta fond birjalarida muomalada bo‘lishini nazarda tutadi. Ikkilamchi listing tushunchasi ham aniqlashtirildi.
- “Premium” toifasiga kiritish tartibi takomillashtirildi. Dual listingni amalga oshirayotgan kompaniyalar aksiyalarini mazkur toifaga kiritish imkoniyati nazarda tutildi.
- Listing jarayonlari soddalashtirildi. Qarorlarni qabul qilish, emitentlarga yetkazish va savdo tizimiga kiritish muddatlari aniq belgilab berildi.
- Birjaning vakolatlari kengaytirilib, emitentlar ma’lumotlari hamda ochiq manbalar asosida analitik va axborot mahsulotlarini tayyorlash huquqi mustahkamlandi. Ushbu mahsulotlar birjaning intellektual mulki sifatida e’tirof etiladi.
Kiritilgan o‘zgarishlar kapital bozorining jozibadorligini oshirish, investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish hamda birja faoliyatining shaffofligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Nizomning to‘liq tasdiqlangan shakli bilan Birjaning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.